2025-yilda qurbonlik hayvonlari qancha turadi

Bu yil musulmonlar Qurbon hayitini (Iyd al-Adha) 6-iyun kuni nishonlaydi. Ushbu bayramda qurbonlik qilish marosimi o‘tkaziladi. Qurbon hayitida islomda yana qanday urf-odatlar borligi va O‘zbekistonda qurbonlik qilish qancha turishi haqida Kursiv Uzbekistan materialida bilib oling.
Ushbu maqoladan siz quyidagilarni bilib olasiz:
- Qurbon hayiti qanday paydo bo’lgan
- Qurbon hayitida musulmonlar orasida qanday urf-odatlar mavjud
- Qurbonlik kimlar uchun vojib
- Qanday hayvonlarni qurbon qilish mumkin
- O’zbekistonda qurbonlik uchun hayvonlar qancha turadi
Qurbon hayiti qanday paydo bo’ldi
Qurbon hayiti islomiy Zulhijja oyining o‘ninchi kuniga to‘g‘ri keladi, Ramazon Hayit bayramidan taxminan 70 kun o‘tgach o‘tkaziladi.

Bayram Ibrohim alayhissalomning qurbonligi xotirasiga nishonlanadi. Nasroniylar uni Avraam deb atashadi.
Musulmonlarning e’tiqodiga ko‘ra, Ibrohim alayhissalomning tushiga o‘g‘lini qurbon qilishi kirgan. Payg‘ambar o‘g‘liga tushini aytib bergan va u otasiga shunday javobni aytgan:
«Ey, otajon, senga amr etilganni bajar, InshaAlloh, meni sabr qilguvchilardan topursan» — Qur’oni Karim, Soffaat surasi, 102-oyat.
Biroq, Parvardigor qurbonlik kuni Ibrohim alayhissalomni to‘xtatdi va uning qurbonligini qo‘chqor bilan almashtirdi. Alloh Taolo itoat uchun mukofot sifatida Ibrohim alayhissalomning farzandlariga payg‘ambarlik vazifasini topshirdi.
Qurbon hayitida musulmonlar orasida qanday urf-odatlar mavjud
Qurbon hayitining markaziy marakasi qurbonlikdir. Bayram bomdod namozi bilan boshlanadi. O‘zbekiston musulmonlari 6-iyun kuni erta tongda jamoaviy bayram namozini o‘qiydilar.

Namozdan keyin mullalar xutba o‘qiydi. Xutba chog‘ida imom-xatiblar muhtojlarga yordam berish uchun qurbonlik qilishning ahamiyati, islomda mehr-muruvvat va rahm-shafqatning o‘rni haqida so‘z yuritadilar.
Shundan so‘ng, musulmonlar qarindoshlari, qo‘shnilari, yaqin do‘stlari yoki muhtojlarnikiga tashrif buyurishadi. Bayramda toza va oq kiyim kiyish odat bo‘lgan.
Keyin musulmonlar hayvonlarni so‘yib, tana go‘shtini kesishadi va tarqatadilar.
Musulmonlar Qurbon hayiti kuni bomdod namozini soat nechada o‘qishini havola orqali bu yerda bilib oling.
Qurbonlik kimlar uchun vojib
Qurbonlik qilish moliyaviy jihatdan qiynalmagan, uzoq safarga chiqqan, bemor yoki aqliy jihatdan nosog‘lom bo‘lmagan musulmonlar uchun shart.
Bu jarayon zakot to‘lash kabi muhim diniy majburiyat hisoblanadi.
Agar musulmonning mol-mulki nisob miqdoriga yetsa, u holda u qurbonlik qilishga majbur bo‘ladi.
Nisob — bu musulmon zakot to‘lashi lozim bo‘lgan eng kam mol-mulk miqdoridir. Bu miqdor taxminan 85 gramm oltin qiymatiga teng bo‘ladi. Oltin narxi doimiy o‘zgarib turadi, shuning uchun bu summa har yili yangidan hisoblab chiqiladi.
2024-yilda Musulmonlar idorasi qaroriga ko‘ra, asosiy ehtiyojlaridan tashqari 40 million so‘mdan ortiq mol-mulkka ega bo‘lgan shaxslar zakot to‘lashi kerak edi. Zakot miqdori — mol-mulkning 2,5 foizini tashkil qiladi.
Qanday hayvonlarni qurbon qilish mumkin
Islomda to‘rt xil hayvonni qurbonlik qilish mumkin. Qurbonlik hayvonlari safiga sigir, qoʻchqor, echki va tuya kiradi.

Hayvonlarning yoshiga e’tibor berish muhimdir. Qo‘chqor va echki bir yoshdan katta bo‘lishi kerak. Sigir ikki yoshdan, tuya esa besh yoshdan yuqori bo‘lsagina qurbonlik qilinadi.
Biroq, olti oylik qo‘chqorning vazni katta yoshli hayvonning vazniga teng bo‘lsa, uni ham qurbonlik qilish mumkin.
Bir sigir yoki tuyani yettita musulmon birgalikda qurbonlik qila oladi. Hayvon sotib olish uchun pul teng ulushlarda kiritiladi. So‘yilgan hayvon go‘shti ham teng bo‘linadi.
Qo‘chqor yoki echkini faqat bir kishi qurbon qilishi mumkin.
Ko‘zi ojiz yoki g‘ilay hayvonlarni qurbonlik qilish taqiqlanadi. Tishlarining ko‘p qismini yo‘qotgan va tuyoqlari yoki dumiga sezilarli zarar yetgan zaif hamda kasal hayvonlar ham qurbonlikga mos kelmaydi.
O‘zbekistonda qurbonlik uchun hayvonlar qancha turadi

Oʻzbekistonda koʻpincha qoʻchqor yoki sigir qurbonlik qilinadi. Mamlakatda tuyalar nihoyatda kam uchraydi, o‘zbek taomlarida echki go‘shti esa ishlatilmaydi.
Hayvonlarning narxiga 1 kg go‘sht narxi ta’sir qiladi. Sotuvchilar hayvonning vaznini o‘lchab, go‘sht narxiga ko‘paytiradilar.
Masalan, qo‘chqorning vazni 30 kg bo‘lsa, uning taxminiy qiymati 3 million so‘mga teng bo‘ladi (1 kg go‘sht uchun 100 mingdan hisoblangan). Xuddi shu tarzda sigir narxi ham aniqlanadi. Agar sigir 200 kg bo‘lsa, u holda uning narxi taxminan 18 million so‘m atrofida bo‘ladi.
Shu bilan birga, sotuvchilar odatda chegirma qilishadi, chunki go‘shtli tusha (go‘sht chiqimi)da chiqindilar bo‘ladi. Chorva bozorlarida qo‘y tirik vaznidan kelib chiqib 80 ming so‘mdan, sigir esa 70 ming so‘mdan sotilishi mumkin.
Biroq bunday hisob-kitoblar naslli hayvonlar narxini aniqlash uchun to‘g‘ri kelmaydi. Ular go‘shti uchun emas, balki jun yoki sut olish maqsadida boqiladi.
Masalan, oddiy oq echkini 1,5 milliondan 3 million so‘mgacha topish mumkin. Saanen zotli echkilar esa kamida $500 turadi, ular kuniga o‘rtacha uch litr sut bera oladi.