«El-yurt umidi» jamg‘armasi 2025-yil 1-ochiq stipendiya tanlovini e’lon qiladi

Prezident huzuridagi «El-yurt umidi» jamg‘armasi 2025-yil 1-ochiq stipendiya tanlovini e’lon qildi. Ushbu tanlov Jamg‘arma Boshqaruv kengashining 2025-yil 3-iyundagi 1-sonli qaroriga asosan, yetakchi xorijiy universitetlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida ta’lim olish istagida bo‘lgan nomzodlar uchun tashkil etilmoqda.
Tanlov doirasida jami 450 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, shundan 130 tasi bakalavriat, 220 tasi magistratura va 100 tasi doktorantura bosqichi uchun mo‘ljallangan. Ajratilgan o‘rinlar STEM yo‘nalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, matematika), iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, geodeziya, yer munosabatlari), davlat boshqaruvi, tibbiyot va ta’lim sohalariga yo‘naltiriladi.
Nomzodlarga hujjat topshirishlari uchun El-yurt.uz onlayn platformasi ishga tushirilgan. Hujjat topshirish muddati 2025-yil 3-iyundan 16-iyungacha etib belgilangan. Nomzodlar ariza, xorijiy oliy ta’lim muassasasidan olingan qabul xati (Letter of Acceptance), diplom yoki attestat nusxasi, xorijiy til sertifikati, mehnat daftarchasi (mavjud bo‘lsa) va motivatsion insho kabi hujjatlarni platforma orqali yuklashlari kerak.
Tanlov jarayoni, baholash mezonlari hamda qo‘shimcha ma’lumotlar Jamg‘armaning rasmiy sayti Eyuf.uz orqali muntazam e’lon qilib boriladi. Savollar yuzasidan (71) 203-00-47, (71) 203-00-49 telefon raqamlari yoki @Eyufmatbuot Telegram sahifasi orqali murojaat qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqich talabalari uchun prezidentining «El-yurt umidi» stipendiyasi joriy etilgan edi.