Humans O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitajga ariza kiritdi – MB munosabat bildirdi

Humans Mobile PTE LTD (Singapur) kompaniyasi O‘zbekiston va Markaziy bankning ayrim harakatlari bitim talablariga zidligi yuzasidan Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro arbitraj markaziga ariza kiritdi. Bu borada Markaziy bank o‘z munosabatini bildirdi.
Markaziy bank munosabatida kompaniya haqiqatdan O‘zbekiston davlat organlari, jumladan, Markaziy bankning harakati 2003-yil 15-iyuldagi «Singapur Respublikasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida»gi bitimning ayrim talablariga zidligi ta’kidlanib, 2025-yil 20-mayda xalqaro arbitraj markaziga ariza bilan murojaat qilganini keltirib o‘tgan.
Ariza ish yurituviga qabul qilinib, hozirda arbitraj nizosi mazmunan ko‘rib chiqishga tayyorlanmoqda. Jarayon davomida qo‘shimcha ma’lumotlar berib boriladi.
Shuningdek, ma’lum qilinishicha, «Maroqand» to‘lov tashkiloti tomonidan fuqarolarning qimor o‘yinlariga doir taqiqlangan xizmatlarga pul o‘tkazgani sababli uning ayrim to‘lov xizmatlari 2024-yil 25-sentabrdan olti oy muddatga cheklangan.
Holat bo‘yicha huquqiy tekshiruvlar uchun hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UPay to‘lov tizimi Humoga to‘liq integratsiya qilingani haqida yozgandi.