Mirziyoyev Janubiy Koreyada yangi saylangan hamkasbini tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi prezidenti Li Chje Myonni ushbu lavozimga saylangani bilan tabriklab, eng ezgu tilaklarini bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tabrik maktubida prezident Li Chje Myon rahbarligida Koreya Respublikasining intellektual va iqtisodiy salohiyati yanada oshishiga, xalqaro maydondagi nufuzi mustahkamlanishiga ishonch bildirgan.
«Biz Koreya Respublikasi bilan do‘stona va keng qamrovli aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga alohida e’tibor qaratamiz. Aminmanki, Sizning prezidentlik davringizda alohida strategik sheriklik munosabatlarimiz barcha ustuvor sohalarda jadal rivojlanadi», — deyiladi maktubda.
Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Li Chje Myonni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya Farg‘onada Smart Factory ishga tushirishni rejalashtirgani haqida yozgan edik.