Neuralink yana $650 million sarmoya jalb qildi

AQShning «miya-kompyuter» interfeyslarini ishlab chiqayotgan Neuralink kompaniyasi Series E bosqichi doirasida $650 mln investitsiya jalb qilganini e’lon qildi. Bu so‘nggi ikki yil ichida kompaniya tomonidan jalb qilingan ikkinchi yirik sarmoya hisoblanadi.
2023-yilda esa Neuralink $280 mln va qo‘shimcha $43 mln mablag‘ olgan edi.
Kompaniya miya implantatlari ustida olib borayotgan ishlanmalarni kengaytirilgan klinik sinovlar bosqichiga olib chiqdi. Hozirgacha besh nafar og‘ir falajlik bilan yashayotgan bemorga ushbu implantat o‘rnatildi. 2024-yil may oyida esa AQShning FDA agentligi tomonidan «innovatsion qurilma» maqomini olish ham texnologiya rivojida muhim qadam bo‘ldi.
FDA maqomi yangi investorlarni jalb qilishda muhim rol o‘ynadi. Semafor nashrining yozishicha, yangi kelishuvga ko‘ra, kompaniya hozirda sarmoyadan oldin $9 mlrdga baholanmoqda. Bu esa Neuralink’ning bozor salohiyati yuqori ekani va asab tizimi kasalliklarini davolashda muhim rol o‘ynashi mumkinligini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maskning birinchi chip oʻrnatgan odami ish topgani haqida yozgan edik.