
2-iyun kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston – Xitoy biznes forumida «B2B» uchrashuvlar doirasida «O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJ va «Gansu International Logistics Group Co. Ltd» o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Bu haqda aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuvda «O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Adil Axmedov va Gansu provinsiyasi vitse-gubernatori Lei Siwei ishtirok etdi. Kelishuvga ko‘ra, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston multimodal yo‘nalishi orqali konteyner tashuvlarini rivojlantirish va O‘zbekistondan eksport uchun Xitoyga Qirg‘iziston orqali ilk blok poyezd jo‘natish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, forum doirasida Samarqanddagi «O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJning Ulug‘bek logistika markazi infratuzilmasi bilan tanishildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jalolobod va Namangan o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi bir yilda $150 mln.ga yetgani haqida xabar bergan edik.