Qirg‘iziston sobiq prezidenti 11,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev bir qator jinoyatlarda aybdor deb topilib, Pervomayskiy tuman sudi tomonidan 11 yil 6 oy muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda TASS muxbiri xabar qildi.
Sud qaroriga asosan, Atambayev davlat mukofotlaridan mahrum qilinib, uning mol-mulki musodara qilinadi.
Sobiq prezident Chuy viloyatining Koy-Tash qishlog‘ida noqonuniy yer uchastkalarini olganlik, Bishkek IESini modernizatsiya qilishdagi korrupsiya, 2019-yil 7-8 avgust kunlari Koy-Tashdagi ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish singari quyidagi jinoyatlarda aybdor deb topilgan.
Jinoyat ishi doirasida prezident ma’muriyati sobiq rahbari Faril Niyazov – 7 yil 8 oyga va sobiq deputat Irina Karamushkina – 7,5 yilga sudlangan.
Sud, shuningdek, Atambayev 2013-yilda jinoyatchi Aziz Batukayevni muddatidan oldin ozod etilishida ham ishtirok etgan deb topgan. Batukayev, 2006-yilda 16 yilga qamalgan bo‘lib, qamoqdan chiqib ketgach, darhol Grozniyga jo‘nab ketgan.
Atambayev 2019-yil 8-avgust kuni Koy-Tashdagi qarorgohida maxsus operatsiya vaqtida qo‘lga olingan. Operatsiya vaqtida bir nafar maxsus kuch xodimi halok bo‘lgan, yuzdan ortiq odam tibbiy yordamga murojaat qilgan.
2020-yil yozida Atambayev 11 yil 2 oyga qamalgan edi. 2022-yilda ba’zi ayblovlardan oqlangan. 2023-yil 14-fevralda 3,5 yil qamoqdan so‘ng ozod qilinib, mamlakatni tark etgan. U hozir xorijda, Ispaniyada davolanayotganini bildirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Gruziya sudi sobiq prezident Mixail Saakashviliga to‘qqiz yil qamoq jazosi bergani haqida yozgandi.