Starlink ekstremal sharoitlarda ham ishlaydigan internet to‘plamini namoyish etdi

Eng zamonaviy va mustahkam Starlink qurilmasi — Starlink Performance namoyish etildi. Bu haqda kompaniya X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Ushbu qurilma 400 Mbit/s dan yuqori yuklab olish tezligiga ega va ishonchli yuqori tezlikdagi internetni taqdim etadi.
Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, ushbu to‘plam alyuminiy korpus, IP69K darajadagi suv o‘tkazmaslik himoyasi va modernizatsiyalangan quvvat bloki bilan jihozlangan.
Bundan tashqari, 270 km/soatgacha bo‘lgan shamol tezligiga, -40°C dan +60°C gacha bo‘lgan haroratlarga, kuchli vibratsiyalarga bardosh bera oladi. Shuningdek, sho‘r suvli yuqori korroziyali muhitda ham 10 yil ishlashga mo‘ljallangan.
Alyuminiy korpusdagi Starlink Performance uzoq hududlar, og‘ir ob-havo sharoitlari va harakatdagi holatlarda barqaror internet aloqasini ta’minlash uchun ishlab chiqilgan. To‘plam tarkibidagi yangilangan quvvat bloki tok o‘zgarishiga moslashgan bo‘lib, tok o‘zgarmaydigan (DC) va o‘zgaruvchan (AC) manbalarda ham ishlay oladi.
Ushbu qurilma qishloq xo‘jaligi va qurilish kabi yuqori vibratsiyali sohalarda mobil qo‘llanilish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, dala sharoitida uzoq muddat xizmat qilishga tayyor.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Starlink samolyotda internet tezligini 400 Mbit/sekundgacha oshirgani haqida yozgandi.