Surxondaryoda Twix va Bounty tovar belgilarini ko‘chirgan korxona jarimaga tortildi

Surxondaryoda Twix va Bounty kabi tovar belgilaridan foydalanib mahsulot ishlab chiqarayotgan korxona jarimaga tortildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, Mars kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tovar belgisi «Surxon Oshpazi» MChJ tomonidan noqonuniy tarzda ko‘chirilayotgani bo‘yicha murojaat kelib tushgan va u asosida tegishli tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Tekshiruvlar davomida, ushbu tovar belgilari Mars kompaniyasining aynan shu nomdagi mahsulotlari bilan iste’molchilarni adashtirish darajasida o‘xshash ekani tasdiqlandi.
Natijada Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Maxsus komissiya qaroriga asoslanib «Surxon Oshpazi» MChJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi hamda qonunbuzilish holatini bartaraf etish bilan birga, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ucell ma’naviy va moddiy zarar uchun ham javobgarlik olishi haqida yozgandi.