
Kelishuv asosida Uzbekistan Airways yo‘lovchilari 30 dan ziyod manzillarga Air India reyslari orqali yetib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda aviakompaniya xabar berdi.
2025-yil 3-iyun kuni Dehli shahrida Uzbekistan Airways va Air India aviakompaniyalari o‘rtasida interlayn hamkorlik bitimi imzolandi. Mazkur bitim ikki davlat o‘rtasida, shuningdek, global miqyosda qulay va uzluksiz havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Kelishuvga binoan, Uzbekistan Airways yo‘lovchilari Hindistondagi Indira Gandi nomidagi xalqaro aeroport orqali Bangalor, Chennay, Haydarobod, Ahmadobod, Amritsar, Goa va Kochin kabi 30 dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha Air India reyslariga chipta qayta rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ushbu hamkorlik yo‘lovchilarga yagona chipta asosida sayohat qilish, bagajni to‘g‘ridan to‘g‘ri oxirgi manzilgacha ro‘yxatdan o‘tkazish va jo‘nab ketish aeroportidanoq butun safar bo‘yicha chipta olish imkoniyatini yaratadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Uzbekistan Airways Toshkent – Islomobod – Toshkent yo‘nalishida reyslarni yo‘lga qo‘yayotgani haqida yozgandi.