Aeroportda unutib qoldirilgan yuklarni arzon narxda sotib olish mumkinmi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilar unutib qoldirgan yuklar sotilayotgani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ushbu yuklarning yillik sotuvi atigi 25 ming so‘mdan ekani aytilgan. Uzbekistan Airport bu boradagi xabarlarga izoh berdi.



Unga ko‘ra, O‘zbekistonning hech bir aeroportida, shuningdek, «UzCargo»va «Uzbekistan Airports Handling» MChJlari tomonidan yo‘lovchilarning unutilgan yuklari sotilmaydi va uchinchi shaxslarga topshirilmaydi.
«Barcha yo‘qolgan yuklar aeroport omborlarida 3 oy mobaynida saqlanadi va saqlash muddati tugashi bilan utilizatsiya qilinadi», — deyiladi xabarda.
Uzbekistan Airports fuqarolarni yolg‘on xabarlarga ishonmaslikka va firibgarlarga pul o‘tkazmaslikka chaqiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-avgustdan Toshkent — Mumbay aviaqatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.