
O‘zbekiston futbol bo‘yicha milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze matbuot anjumanida BAA terma jamoasi bo‘yicha puxta tahlil o‘tkazilganini va jamoa bu o‘yinda, albatta, g‘alaba qozonishi shartligini ta’kidladi.
Avvalroq milliy terma jamoa futbolchisi Abbosbek Fayzullayev BAAga qarshi bahs oldidan jamoa a’zolari jangovar ruhda ekanini bildirgan edi. Shuningdek, jamoaga «Roma» va «Manchester Siti» futbolchilari – Eldor Shomurodov va Abduqodir Xusanov qo‘shilib, safni mustahkamladi.
Jamoaning tayyorgarligi jarayoniga Rossiyaning CSKA klubi tibbiyot mutaxassislari ham jalb qilindi. Ushbu klub yaqinda Rossiya Kubogi g‘olibiga aylangan edi.
O‘zbekiston – BAA uchrashuvi 5-iyun kuni Abu-Dabida, Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida bo‘lib o‘tadi. Navbatdagi o‘yin esa 10-iyun kuni Qatarga qarshi o‘tkaziladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston – Qatar o‘yini chiptalarining narxi qanchaligi haqida yozgandi.