O‘zbek so‘mi hattoki skeptiklarni ham hayratda qoldirdi: dollar bo‘yicha yangi prognozlar e’lon qilindi

2025-yil boshidan beri o‘zbek so‘mi hattoki eng ehtiyotkor tahlilchilarni ham ajablantirdi. Devalvatsiyaga oid barcha taxminlarga qaramay, milliy valyuta qariyb 1 foizga mustahkamlandi: iyun oyining birinchi o‘n kunligiga kelib, dollar kursi 12 915,18 so‘mdan 12 777,52 so‘mga tushdi. Biroq Kursiv Uzbekistan bilan suhbatlashgan mutaxassislar bu barqarorlikni vaqtinchalik deb baholamoqda.
Ushbu maqoladan siz quyidagilarni bilib olasiz:
- Nima uchun dollar kursi pasaymoqda
- So‘mning zaif tomonlari
- Ekspertlarning 2025-yilning ikkinchi yarmi uchun valyuta kursi bo‘yicha prognozlari
Dollar kursining pasayish sabablari
Alif kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari Nuriddin Lafizovning ta’kidlashicha, «2025-yilda so‘m hatto skeptiklarni ham hayratda qoldirdi». Agar yil boshida dollar qariyb 12 920 so‘m turgan bo‘lsa, 2-iyunga kelib rasmiy kurs 12 790 so‘mga tushdi va pasayishda davom etmoqda. Bu milliy valyutaning qariyb 1% ga mustahkamlangani bildiradi. Lafizovning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonning asosiy omillaridan biri Markaziy bankning mart oyidagi harakati bo‘lib, u bazaviy stavkani yillik 14% ga oshirdi.
Shu bilan birga, u asosiy omillar tashqi ta’sirlar bilan bog‘liq bo‘lganini ta’kidlaydi. Ularning eng muhimlaridan biri – Rossiya rubli. O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining 70% dan ortig‘i hali ham undan bog‘liq. Yanvar oyidan beri rubl 40% dan ko‘proqqa mustahkamlandi va may oxirida dollar kursi 78 rublga yetdi — bu 2023-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.
«Shu sharoitda xususiy pul o‘tkazmalari hajmi 2025-yilning birinchi choragida $3,3 mlrdga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizdan ortiq o‘sishni anglatadi va ichki bozorda valyuta taklifining oshishiga xizmat qildi», – deya ta’kidlaydi Nuriddin Lafizov.
ALKES kompaniyasining investitsion bank ishlari bo‘yicha katta mutaxassisi Farhod Murodov ham u bilan rozi bo‘lib qo‘shimcha qiladi: 2025-yilning birinchi choragida o‘tkazmalar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32% ga o‘sdi, bu mamlakat YaIMning qariyb 14% ni tashkil etadi, «iqtisodiyot uchun bu jiddiy yordamdir».
Mutaxassis ichki omillarni ham sanab o‘tdi. Ular orasida S&P agentligi tomonidan O‘zbekistonning suveren reytingining oshirilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Murodovning fikricha, bu «investorlar uchun ijobiy signal bo‘lib, mamlakatni barqaror va milliy valyutadagi aktivlarga sarmoya kiritish uchun jozibador qiladi».
Shuningdek, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yil boshidan beri deyarli 20%ga oshgan. Bu o‘sishga xalqaro bozordagi oltin narxining ko‘tarilishi sabab bo‘ldi. Murodov bu holatni «mamlakatning moliyaviy barqarorligini oshirgan va regulyatorga kursni ushlab turishda ko‘proq imkoniyat bergan» deb baholaydi.
Yana bir muhim omil – xalqaro kapitallar bozorida qarz jalb qilish. 2025-yilda O‘zbekiston yirik hajmdagi uchta yevrobond emissiyasini amalga oshirdi: davlat yevrobondi ($1,5 mlrd), «O‘zbekneftgaz» ($850 mln) va Navoiy KMK tomonidan amalga oshirilgan qo‘shimcha emissiya ($500 mln). «Bu bitimlar mamlakatga valyuta likvidligi oqimini oshirdi», – deydi Murodov.
So‘mning zaif tomonlari
Biroq prognozlarga qaytadigan bo‘lsak, Nuriddin Lafizov ogohlantiradi: «asosiy xavflar saqlanib qolmoqda». Uning ta’kidlashicha, REER (real samarali valyuta kursi) indeksi 2024-yil noyabr oyidayoq 106%ni tashkil etib, qulay 100% darajasidan yuqoriga chiqqan. Bu holat rubl, tenge, yuan va lira kabi asosiy savdo sheriklari valyutalarining zaiflashuvi oqibati bo‘ldi. Rubl mustahkamlanganiga qaramay, Lafizovning hisob-kitobiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 104% dan yuqori bo‘lib qolmoqda. Bu esa so‘mning haddan tashqari baholanganidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, hisoblar balansi bo‘yicha joriy operatsiyalar defitsiti mavjud. Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognoziga ko‘ra, bu 2025-yilda YaIMning -5%ini tashkil etadi (oltin narxining yuqoriligiga qaramay).
Lafizov, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilangan yo‘nalishga ham e’tibor qaratadi: «2025-yil budjet loyihasida o‘rtacha yillik kurs 13 250 so‘m atrofida belgilangan. Bu esa yil oxirigacha 4–5 foiz darajasidagi bosqichma-bosqich devalvatsiyani nazarda tutadi», — deya izohlaydi u.
Yilning ikkinchi yarmida nima bo‘ladi
Nuriddin Lafizovga ko‘ra, qat’iy monetar siyosat, mustahkam rubl va rekord darajadagi pul o‘tkazmalari tufayli so‘m iyulgacha 13 000 darajasidan pastda qolishi mumkin.
Biroq u ogohlantiradi: «importning mavsumiy oshishi, davlat kompaniyalarining tashqi qarzlariga xizmat ko‘rsatish zarurati hamda revalvatsiya zaxirasining tugab borayotgani fonida, uchinchi chorak boshida kursning 13 000 so‘m/dollar chegarasidan oshib ketishi ehtimoldan xoli emas». Oktabrgacha kurs 13 300–13 400 oraliq darajasiga yetib, yil yakunida 13 700–13 800 atrofida bo‘lishi mumkin.
Farhod Murodovga ko‘ra, yilning ikkinchi yarmida kurs asta-sekin ko‘tarilishi kutilmoqda.
«2025-yil uchun asosiy stsenariy — yilning ikkinchi yarmida mo‘’tadil devalvatsiya ehtimoli saqlanib qolgan holatda barqaror kurs», — deydi Murodov. U shuningdek, «yil boshidagi mustahkamlanish real iqtisodiy o‘zgarishlar (eksport tushumlari, oltin-valyuta zaxiralari, pul o‘tkazmalari o‘sishi) bilan izohlanadi», – deb ta’kidlaydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yilning ikkinchi yarmida kurs «inflyatsiya bosimi va o‘sib borayotgan import ta’siri ostida» asta-sekin ko‘tarilishi mumkin. Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa o‘rtacha yillik kursni 1 dollar uchun 13 250 so‘m atrofida prognoz qilmoqda. Bu esa 2024-yilga nisbatan 4–5 foizlik zaiflashuvni anglatadi.
Nuriddin Lafizov muqobil ssenariy sifatida «yanada tezroq zaiflashish ehtimolini» ham istisno qilmaydi. Bunday holat, agar rubl 97–100 oralig‘iga tushsa, yuzaga kelishi mumkin. Bu esa pul o‘tkazmalari oqimining sekinlashuviga olib keladi. Ushbu ssenariyda kurs noyabr oyidayoq 13 800 darajasiga yetishi mumkin.
Lafizovning fikricha, aksincha vaziyat — ya’ni, kuchli rubl va qimmatbaho oltin narxlari — kursni yil oxirigacha 13 300–13 500 oraliqda ushlab turishi mumkin. Biroq u ishonch bilan ta’kidlaydi: «asosiy ssenariy — 13 800 darajasigacha ko‘tarilish bo‘lib qolmoqda. Aynan shu daraja eksport raqobatbardoshligini tiklaydi, tashqi savdo disbalansini yumshatadi va inflyatsiya bo‘yicha belgilangan maqsadlarga muvofiq bo‘ladi», — deydi ekspert.