Yangiliklar

O‘zbekiston fuqarolarining BAAdagi muammolari yuzasidan choralar ko‘rilmoqda – TIV

Elchixona va Bosh konsulxona vakillari aeroportlarda doimiy navbatchilik olib bormoqda
O‘zbekiston fuqarolarining BAAda duch kelayotgan muammolari bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda / Foto: Vintez

So‘nggi haftalarda O‘zbekiston fuqarolari Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)ga kirishda, ayniqsa, xalqaro aeroportlarda uzoq davom etuvchi tekshiruvlar tufayli qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Tashqi ishlar vazirligi bu borada rasmiy choralar ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Mazkur holatni bartaraf etish maqsadida mamlakatimizning Abu-Dabi va Dubay shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalari faol choralar ko‘rmoqda. O‘zbekistonlik diplomatlar BAAning immigratsiya va boshqa tegishli xizmatlari bilan muntazam muzokaralar olib borib, vatandoshlarimizga tez va muammosiz kirib kelish imkonini yaratishga intilmoqda.

Bundan tashqari, tekshiruv va kechikishlarning sabablari aniqlanmoqda. Bu esa kelajakda bunday holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Elchixona va Bosh konsulxona vakillari aeroportlarda doimiy navbatchilik olib borib, vatandoshlarimizga bevosita yordam ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston TIV BAA aeroportlaridagi holat yuzasidan bayonot bergan edi.