O‘zbekistonda Qurbon hayiti: e’tiqod, an’analar va oilaviy qadriyatlar

O‘zbekistondagi millionlab musulmonlar uchun Qurbon hayiti oddiy diniy bayramdan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga ega. Bu – oilani birlashtiruvchi, ajdodlarni xotirlash va muhtojlarga yordam berish kuni. So‘nggi besh yilda uning o‘rni yanada mustahkamlandi: diniy sanalar rasmiy dam olish kunlariga aylandi, Umra va Haj ziyoratlari yanada osonlashdi.
Bu yil Saudiya Arabistonida 15 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Haj ibodatini ado etmoqda. Uyda esa e’tiqod, iliqlik va an’analarni saqlab qolish uchun bayram dasturxoni atrofida oilalar yanada ko‘proq to‘planmoqda.
Kursiv Uzbekistan mamlakatning turli burchaklarida bayramga tayyorgarlik jarayoni va Qurbon hayitining bugungi ahamiyatini o‘rganish uchun hududlardagi oilalar bilan suhbatlashdi.
Muhabbat opaning bayram oldi tongi
Mamlakat janubidagi Xo‘jailg‘or qishlog‘ida endigina tong yorishdi. Masjiddagi radiokarnaydan azon yangraydi. Imomning ovozi uzuq-yuluq eshitilsa-da, 66 yoshli Muhabbat opa uchun bu ahamiyatga ega emas. U allaqachon oyoqqa turib, bomdod namoziga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
O‘n sotixli hovli toza va ozoda. Ertalabki sukunatni faqat xo‘rozning qichqirig‘i va qo‘chqorning marashi buzadi. Muhabbat avvalo tovuq va jo‘jalarni boqadi, qo‘chqorga esa erkaklar g‘amxo‘rlik qiladi.

«Men har doim azondan bir soat oldin uyg‘onib, Qur’on o‘qiyman. Hozircha o‘zbek tilida o‘qiyapman. Ushbu Qurbon hayitida Qur’onni asl arab tilida o‘qishni orzu qilardim, lekin arab yozuvi biroz qiyin», – deydi u.
Bayramga tayyorgarlikni allaqachon boshlashgan. Muhabbat opaning turmush o‘rtog‘i Abdugaffor aka bir oy oldin qurbonlik uchun qo‘y sotib olgan. Bayram kuni uni tonggi namozdan keyin so‘yishadi. Go‘sht esa uch qismga bo‘linadi: bir qismi ehtiyojmandlarga, ikkinchisi qo‘shnilarga va qarindoshlarga, qolgan uchinchi qismi esa oilaga qoladi.

Muhabbat opaning oilasi katta – 16 kishi, jumladan, farzandlari va nabiralari. Uch o‘g‘lining ikkitasi Rossiyada ishlaydi.
«Alloh oxirgi lahzada Ibrohimga o‘g‘lini emas, qo‘yni qurbonlik qilishni buyurgani meni hayratga soladi. Bu Uning rahmati alomatidir. Shuning uchun bu kunni intiqlik bilan kutyapman», – deydi Muhabbat opa.
Muhabbat opa ikki yil oldin Hajga borib kelgan va shundan beri qishloqda uni Hoji ona deb atashadi. U nafaqat o‘z qishlog‘ida, balki qo‘shni qishloqlarda ham hurmat qilinadi. Ayollar uning oldiga maslahat so‘rab keladi. Doim yonida tasbeh va Makkadan keltirilgan Qur’on bo‘ladi. Uning uyida ibodat, xotirjamlik va bayram tayyorgarligi hukmron.

«Men chin dildan tinchlik, sabr-toqat va muhabbat — har bir, hatto notanish qalbga ham tilayman. Ayniqsa, o‘g‘illarimning sog‘ligini, omadini bersin, deb duo qilaman. Ularning yo‘qligi mening kundalik sinovim. Men ularning qaytishini intizorlik bilan kutmoqdaman – so‘nggi so‘zlar uning tomog‘iga tiqilib qoldi, ko‘zlari esa so‘zlardan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadigan mayin yoshlarga to‘ldi.
Shovqin-suron kamaydi, lekin bayram ruhi barhayot

Marg‘ilonning bir chekkasida, eski qishloqda 67 yoshli Jamila opa uzum soyasida tapchan ustida o‘tiribdi. Piyolalarga choy quyib, hovli supurayotgan kelinlarni kuzatadi. Uning ovozida minnatdorchilik va sokin qayg‘u seziladi.
«Besh-olti yil avval bomdod namozidan keyin hamma qabristonga borardi. Qabrlar tozalanib, u yerdagi mullalar duo o‘qirdi. Keyin qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilarnikiga kirardik. Hozir esa ushbu odatlar kamayib bormoqda».
Bugun ko‘pchilik namozini ham, Qur’on tilovatini ham uyda o‘qiydi. Bayram tadbirlari ortiqcha dabdalalarsiz o‘tmoqda. Lekin Jamila opaning aytishicha, mehmonlar soni emas, balki oila qalbida saqlanib kelayotgan qadriyatlargina muhim.
Bu onaxoning turmush o‘rtog‘isiz uchinchi Qurbon hayiti. U 2022-yilda COVIDdan vafot etgan. Uni oxirgi gaplarini aytishga ham fursat yetmadi.
O‘shandan beri bayram nafaqat quvonch, balki xotira hamdir. Dasturxon atrofida uni xotirasiga duo o‘qiladi, qo‘ni-qo‘shnilarga birinchi bo‘lib go‘sht tarqatgani, nevaralariga sovg‘alar ulashgani yodga olinadi.
Bayram dasturxoni
«Ha, bizda o‘z an’anamiz qolgan. Biz oila davrasida bayram qilamiz. Marosimdan so‘ng go‘shtning uchdan biri muhtojlarga, qolgani dasturxonga tortiladi. Qarindoshlar kelishadi, ovqatlanamiz, eslaymiz. Bu har doim bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi», – deydi Jamila opa.

Eng shirin lahza – kelinlar non yopayotgan payt. Patir va tandir-non issiq, xushbo‘y hid taratadi. Farg‘onacha zirali palov. Qo‘y go‘shtidan va ziravorlar solingan sho‘rva va yangi go‘shtdan tayyorlangan somsa. Desertga – chak-chak. Uni, ayniqsa onaxonni nevaralari yaxshi ko‘rishadi.
«Ilgari bolalar uyma-uy yugurib, konfet, pechenye terishardi. Keyin bizni mehmon qilishardi. Hozir faqat tinchgina pul berishyapti. Menga o‘sha shovqin yetishmayapti. Kulgi. Hatto yolg‘izlikda ham uni eslaydigan inson bo‘lsa, demak, bayram ruhi hali so‘nmagan».
Qurbon hayiti – avlodlar o‘rtasidagi rishta
Toshkent viloyatining Ohangaron shahri yaqinidagi Ungut qishlog‘ida yashovchi 43 yoshli Doniyor Mamasiddiqov uchun Qurbon hayiti bolaligidan bayram hisoblanadi. O‘shanda u marosimning ma’nosini bilmasdi. Faqat xotiralari qolgan: otasi bilan bobosi qo‘y so‘ygan, onasi va buvisi palov pishirgan. Qo‘shnilar esa bir-biriga noz-ne’mat olib kirgan. Shu manzara xotirasida iz qoldirgan.
«O‘shanda odamlar mehrliroq edi – bir-biriga ko‘proq quloq solardi. Har kim boridan bo‘lishardi. Ana shu edi – chinakam bayram ruhi», – deydi Doniyor.
Hozirda Doniyor «Kamaz» haydovchisi sifatida mehnat qiladi, ammo bayram arafasida uning yuragi faqat uyga intiladi. U oilasi bilan birga hovlini tozalab, daraxtlarni oqartirib, bog‘ni bayramga tayyorlaydi. Qo‘chqorni oldinroq xarid qilib, sekin-asta parvarishlaydi. Go‘sht narxi yuqori bo‘lsa-da, qurbonlik qilish Doniyor uchun sharaf va mas’uliyatdir.

Marosimdan so‘ng u an’anaga ko‘ra go‘shtni taqsimlaydi. Uzoqda yashaydigan qarindoshlarga bir qismini o‘zi olib boradi. Dasturxon atrofida oila, qarindoshlar yig‘iladi. Ertalab esa opa-singillar bilan qabristonga borish shart. Qabr toshi atrofi tozalanadi, duo o‘qiladi.
«Men chin dildan ishonaman, yaxshilik faqat pul bilan o‘lchanmaydi. Yaxshi so‘z, samimiy hurmat va chinakam g‘amxo‘rlik – bular ham muruvvatning eng ulug‘ ko‘rinishlaridir», – deydi Doniyor.
Qurbon hayiti O‘zbekistonda oddiy marosim emas. Bu avlodlarni bog‘lovchi xotira, mehr va g‘amxo‘rlik belgisi. Vaqt o‘tsa-da, bayram yuraklarda saqlanib, hayotda davom etadi. Duo o‘qilib, o‘choqqa olov yoqilayotgan ekan – an’analar davom etadi.