
Shavkat Mirziyoyev barcha musulmonlarni Qurbon hayiti bilan samimiy tabrikladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu muqaddas ayyom yurtimizda insonparvarlik, mehr-oqibat va birdamlik ruhini mustahkamlab, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Davlat rahbari mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik, vijdon erkinligi va ma’naviy qadriyatlarga hurmat asosida keng islohotlar olib borilayotganini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, 2025-yilda Samarqand islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilinishi va yurtimizda islom merosi chuqur o‘rganilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, bu yilgi haj ziyoratini ado etayotgan 15 ming nafar yurtdoshimizga ezgu tilaklar bildirilib, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga ishonch bildirildi.
Prezident tinchlik, birlik va mehr-oqibatni saqlash orqali taraqqiyotga erishish mumkinligini ta’kidlab, barchaga sog‘lik, baxt va fayzu baraka tiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Qurbon hayiti kunlari jamoat transporti ertaroq harakatlana boshlashi haqida yozgan edik.