
Samsung Galaxy A17 smartfoni optik tasvir barqarorlashtirish (OIS) texnologiyasiga ega birinchi model bo‘ladi. Shu paytgacha bu imkoniyat faqat Galaxy A2X yoki undan yuqori toifadagi qurilmalarda mavjud edi. Bu haqda ETnews nashri ma’lum qildi.
Kameradagi muhim yangilik:
OIS texnologiyasi tasvirni qo‘l titrashidan himoya qilishga xizmat qiladi va ayniqsa, tungi suratga olish, video yozish yoki harakatdagi obyektlarni tasvirga tushirishda ancha yaxshi natija beradi. Bu yangilik Galaxy A17’ni aynan o‘z toifasida kamerasi eng yaxshilangan modelga aylantirishi mumkin.
Texnik tafsilotlar:
ETNews bergan ma’lumotga ko‘ra, Samsung butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikda aynan OIS tizimiga ega bo‘lgan arzon Galaxy A1 turkumini ishlab chiqishga kirishgan. Ayni paytda kompaniyaning OIS’li eng arzon smartfoni Galaxy A26 hisoblanadi.
Narx oshadimi
Galaxy A17’da OIS modulining mavjudligi smartfonning umumiy tannarxini oshirishi mumkin. Ammo Samsung bu texnologiyani arzon narx oralig‘iga moslashtirish yo‘llarini izlayotgani sababli, yakuniy chakana narxda jiddiy o‘sish bo‘lishi ehtimoldan yiroq.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 flagmanlari yanada yupqalashishi haqida xabar bergan edi.