Yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan bir necha shaxslar ushlandi

eʼlon qilindi
Ularning barchasiga qarshi jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan
Yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan bir necha shaxslar ushlandi / Foto: Kohn

Hududlarda yirik miqdorda yer maydonlarini noqonuniy tarzda sotishga uringan bir nechta shaxslar qo‘lga olindi. Ular jami $500 mingdan ortiq mablag‘ talab qilingan, deya xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, Xiva shahrida faoliyat yurituvchi MChJ rahbari 19,9 gektar yer maydonini go‘yoki 30 gektar deb ko‘rsatib, uni mansabdor tanishlari yordamida rasmiylashtirib berish evaziga $180 ming so‘ragan. Tezkor tadbir davomida u ushbu pulni olayotganida ushlandi.

Qo‘qon shahrida esa Kadastr agentligi inspektori fermer xo‘jaligiga yer ajratilishida «yordam» evaziga $150 ming talab qilgan. U ham pulni olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Toshkent viloyatida esa ilgari sudlangan fuqaro 2 gektar o‘rmon fondi yeri bilan birga 18 sotix yer maydonini $121 mingga sotmoqchi bo‘lgan. U ham Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ushlangan.

Yana bir holat Surxondaryo viloyatida aniqlanib, irrigatsiya tizimlari xodimi 32 sotix himoya ostidagi yer maydonini $73,5 mingga sotish niyatida bo‘lgan. U ham $70 ming va 39 mln so‘m olayotganida qo‘lga olindi.

Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va tergov ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX Xorazm va Sirdaryoda korrupsioner shaxslarni qo‘lga tushirgan edi.

Shuningdek