2024-yilda «Gazprom» O‘zbekistonga gaz eksportini to‘rt baravarga oshirdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
2023-yilga nisbatan 340,6% o‘sishni tashkil etdi
2024-yilda «Gazprom» O‘zbekistonga gaz eksportini to‘rt baravarga oshirdi / Foto: wasja/Depositphotos

Bugun, 6-iyun kuni e’lon qilingan «Gazprom» kompaniyasining yillik hisobotiga ko‘ra, Rossiyaning yirik energetika konserni 2024-yilda O‘zbekistonga tabiiy gaz eksportini 4,4 baravar oshirgan. Bu ko‘rsatkich 2023-yildagiga nisbatan 340,6% o‘sishni tashkil etdi.

Agar 2023-yilda eksport hajmi 1,28 milliard kub metrni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 5,64 milliard kub metrga yetgan.

Qish mavsumida, 2023/2024-yillar oralig‘ida – gaz yetkazib berish magistral gaz quvurlari tizimining maksimal texnik quvvatida amalga oshirilgan.

Rossiyadan O‘zbekistonga gaz eksporti 2023-yil oktabr oyida rasmiy ravishda boshlangan. Tashish teskari (revers) rejimda maxsus yo‘nalish bo‘yicha tashkil etilgan bo‘lib, bu yo‘nalish «Markaziy Osiyo – Markaz – IV» va «Markaziy Osiyo – Markaz – V» quvurlarining ayrim qismlaridan foydalanishni nazarda tutadi.

Yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston, Xitoy va Qozog‘iston gaz yetkazib berish hajmi eng ko‘p oshgan davlatlar uchligiga kirgan.

«Gazprom» o‘z hisobotida shuni ham qayd etadiki, Markaziy Osiyo davlatlari bilan gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirish mintaqaning uzoq muddatli iqtisodiy barqarorligiga xizmat qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Gazprom» 2024-yilni 1 trln rubldan ortiq zarar bilan yakunlagani haqida yozgandi.

Shuningdek