
Futbol assotsiatsiyalari xalqaro federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino Shavkat Mirziyoyevga g‘alaba maktubini yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Kecha O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor FIFA Jahon chempionatiga chiqib, Osiyoda birinchi bo‘lib «JCH – 2026» yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan terma jamoalardan biriga aylandi.
Butun futbol jamoatchiligi nomidan Sizni va butun O‘zbekiston xalqini ushbu munosib va tarixiy natija bilan tabriklashga ijozat bergaysiz.
Bunday ajoyib yutuq ushbu muvaffaqiyatga aloqador bo‘lgan barchaning birgalikdagi sa’y-harakatlari va qat’iy irodasi tufayli amalga oshdi. Sizga, hukumatingizga, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga, futbolchilarga, murabbiyga, barcha xodim va rahbarlarga, shuningdek, albatta, qalbi qaynoq muxlislarga samimiy tabriklarimni yo‘llayman.
Muhtaram Prezident, Sizga 2026-yilgi FIFA Jahon chempionatida muvaffaqiyatlar tilayman hamda Siz, Janobi Oliylari bilan yana bir bor uchrashish imkoniyatini intiqlik bilan kutaman», – deyiladi maktubda.
Bundan oldin Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy terma jamoasini g‘alaba bilan tabriklagandi.
Shuningdek, Kursiv Uzbekistan «Manchester Siti» klubi Abduqodir Husanovni g‘alaba bilan tabriklagani haqida ham yozgandi.