Yangiliklar

Gaz va svet uchun kompensatsiyaga arizalar qabuli boshlandi

Ehtiyojmand oilalar uchun
Gaz va svet uchun kompensatsiyaga arizalar qabuli boshlandi / Foto: LeleMezzadri / www.depositphotos.com

1-iyundan boshlab O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalar uchun gaz va elektr energiyasi to‘lovlari bo‘yicha kompensatsiya olish uchun arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Energiya tariflarining oshishi ortidan 2025-yil 1-maydan boshlab yordam pullari yil davomida – faqat kuz-qish mavsumida emas, balki har oyda to‘lanadigan tartib joriy etildi. Arizalar quyidagi manzillar orqali qabul qilinmoqda:

  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi;
  • Mahalla ijtimoiy xodimi orqali;
  • 1140 qisqa raqami orqali.

Kimlar ariza topshirishi mumkin

  1. Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki kam ta’minlanganlar reyestriga kiritilgan oilalar – agar bir kishi hisobiga oyiga 669 ming so‘mdan kam daromad to‘g‘ri kelsa.
  2. Reyestrlarda yo‘q, ammo o‘rtacha oyiga bir kishiga 1 million so‘mdan kam daromadga ega oilalar ham ariza topshirishi mumkin.

O‘tgan 2024/2025-yilgi isitish mavsumida 1,1 mln oila 313 mlrd so‘mdan ortiq yordam olgan. 2025-yilda bu maqsad uchun 1,33 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 1-iyundan nimalar o‘zgarishi haqida yozgandi.