
5-iyun kuni Huawei kompaniyasi yaqin orada taqdim etilishi kutilayotgan Pura 80 Pro+ smartfoni haqida rasmiy tizerni e’lon qildi. Bu haqda Huawei Central xabar berdi.
Unda yangi modelning dizayni birinchi bor ko‘rsatildi – smartfon yorqin pushti rangda tasvirlangan.
Suratda smartfonning orqa panelida joylashgan uchta obyektivlik uchburchak shaklidagi kamera bloki ko‘rinmoqda. Obyektivlar oralig‘i yo‘l-yo‘l tuzilishga ega. To‘rtinchi, noma’lum sensor ham ko‘zga tashlanadi — u multispektral datchik bo‘lishi mumkin, bu turdagi texnologiya avvalgi Pura seriyasida ham ishlatilgan.
Smartfon korpusi yumaloq metall yon ramka bilan jihozlangan bo‘lib, antennalar uchun maxsus kesimlar mavjud. Orqa panel shisha bo‘lishi kutilmoqda, biroq ayrim manbalar keramika materiali ham bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Hozircha bu haqda rasmiy tasdiq yo‘q.
Huawei Pura 80 smartfonlar seriyasining rasmiy taqdimoti 2025-yil 11-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Huawei F5G-A texnologiyasini taqdim etgani haqida yozgandi.