Mask va Trampning janjali Tesla aksiyalarini qulatdi – bir kunda $150 mlrd yo‘qotdi

Bugun, 6-iyun kuni Tesla aksiyalari 14 foizga tushib ketdi. Bu kompaniya uchun $150 milliardlik bozor qiymatini yo‘qotishga sabab bo‘ldi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi. Sababi Ilon Mask va Donald Trampning kutilmagan ochiq janjali bo‘ldi.
Avval Tramp Maskni «birinchi do‘st» deb atagan bo‘lsa, endi ularni ochiq qarama-qarshilik bog‘lamoqda. Mojaro Trampning yangi qonun loyihasidan boshlandi – u elektromobillarni xarid qilishdagi soliq imtiyozlarini qisqartirishni rejalashtirmoqda.
Bu Maskka yoqmadi. U ijtimoiy tarmoqlarda Trampga keskin javob qaytardi. Tramp esa o‘z uslubida yana ham qattiqroq javob berdi: «Ilon pul yo‘qotayotgani uchun jahli chiqyapti», dedi u.
Investorlar bu mojaroning oqibatida Tesla aksiyalarini ommaviy ravishda sotishni boshladilar. Ayniqsa kompaniya boshqa muammolarga ham duch kelayotgan bir vaqtda: elektromobil savdosi pasaymoqda, avtopilot halokatli avtohalokat sababli tergov ostida, AQSH rasmiylari esa rul va pedallarsiz robotaksi ishlab chiqarishga ruxsat bermasligi mumkin.
Tesla sarmoyadorlari jiddiy xavotirda
«Ilon bir Tramp bilan do‘st, bir dushman – bu kompaniya obro‘siga putur yetkazmoqda. U allaqachon demokrat mijozlarining bir qismini yo‘qotdi, endi esa respublikachilar bilan ham munosabatlarni buzish xavfi bor», – dedi Reutersga kompaniya investorlaridan biri.
Mask esa tobora ko‘proq avtonom avtomobillar va sun’iy intellektga e’tibor qaratmoqda. U hatto shunday degan: «Agar robotaksi kelajagimizga ishonmasangiz – aksiyalarimizni soting.» Analitiklarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aynan sun’iy intellekt va avtopilot Tesla’ga trillion dollar daromad keltirishi mumkin. Ammo Tramp bilan janjal bu yo‘lda jiddiy to‘siqqa aylanishi mumkin.
Ayni paytda esa Mask shaxsiy boyligidan $27 milliardni yo‘qotgan. Tramp esa Truth Social tarmog‘ida yana bir bor o‘z fikrini bildirib, «budjetni tejashning eng yaxshi yo‘li – Ilon Mask uchun barcha davlat buyurtmalari va subsidiyalarini bekor qilish», deb yozdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ilon Mask siyosiy faoliyatini rasman tugatgani haqida yozgandi.