Qozog‘iston va O‘zbekiston Orol tubini ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib boradi

Qozog‘iston va O‘zbekiston Orol dengizining qurib qolgan hududlarida saksovul ekish bo‘yicha qo‘shma loyiha ishlab chiqmoqda. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ekologiya vaziri Leyli Seitova «Kazinform» axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, loyiha ikki davlat chegarasiga yaqin joylarda amalga oshiriladi. Uning asosiy maqsadi – ekologik muvozanatni tiklash, chang va tuz tarqalishini kamaytirish hamda qolgan suv havzalarini asrab qolishdan iborat.
Vaziraning so‘zlariga ko‘ra, 2018-yildan beri O‘zbekiston hududidagi Orol bo‘shlig‘ining 2 mln gektar maydonida saksovul ekilgan. Dastlab saksovul tuproqdan havoga ko‘tariladigan chang va tuzning 15 – 18 foizini ushlab qoladi, deb baholangan edi. Amaldagi natijalar esa bu ko‘rsatkichning 35 – 40 foizgacha yetganini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yilda yana 15 ming gektar maydonni o‘simlik bilan qoplash rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Orol tubida sho‘rlanishga chidamli gigant qamish sinovdan o‘tkazilgan edi.