
Ozarbayjonlik mashhur xonanda va tadbirkor Emin Agalarov Qozog‘istonning Bo‘zjira hududida yangi turistik loyiha boshlashni rejalashtirmoqda. U bu hududni tabiiy go‘zalligi uchun maqtab, Kaspiy sohilida dam olish maskani, turarjoylar va hordiq zonalari barpo etmoqchi.
«Bo‘zjirani yangi loyiha ustida ishlamoqdamiz. Ajoyib qoyatoshlar, oppoq cho‘l va o‘zga sayyora manzarani eslatuvchi muhit. Millionlab yillar avval bu yerda qadimiy Tetis okeani to‘lqinlari mavj urgan — hozirgacha ham akulalarning toshqotgan tishlari topilmoqda. Mahalliy afsonalarga ko‘ra, aynan shu yerga 362 nafar avliyo kelgan va bu zamin hanuzgacha ularning ma’naviy kuchini saqlab keladi. Bu tarix, quvvat va sof kinematografiya. Ilhomlanyapmiz. Ishlamoqdamiz. Tez orada namoyish qilamiz», – deb yozadi Emin Instagram sahifasida.
Ammo Agalarovning bu rejasi qozog‘istonliklar orasida jiddiy norozilikka sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar Bo‘zjira muqaddas va noyob tabiiy hudud ekanini ta’kidlab, «Bu joyni asl holicha saqlang», «Tabiatni biznes makonga aylantirmang» degan chaqiriqlar bilan chiqishmoqda. Mahalliy aholining fikricha, bu kabi qurilishlar ekologiya va madaniy merosga putur yetkazishi mumkin.
Agalarov hozirda «Agalarov Development» kompaniyasiga rahbarlik qiladi va turli kurort hamda ko‘ngilochar loyihalarni amalga oshirmoqda. U, shuningdek, O‘zbekistonda Chorvoq suv ombori bo‘yida «Sea Breeze» nomli yirik zamonaviy dam olish maskani qurishni ham rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Emin Agalarov prezidentga «Sea Breeze» turizm markazining master-rejasini taqdim etgan edi. Ma’lumot uhcun, loyihada dam olish, turarjoy, madaniyat, ta’lim va sog‘liqni saqlash maskanlari birgalikda barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Majmua 10 ta kichik hududga bo‘linib, har biri zamonaviy xizmatlar bilan ta’minlanadi.