
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Bolgariya prezidenti Rumen Radev 9 – 11-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tashrif doirasida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida muzokaralar, rasmiy tadbirlar va ishbilarmonlik uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
Prezidentlar o‘zaro savdo hajmini oshirish, agrosanoat, farmatsevtika, konchilik va raqamlashtirish sohalarida hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qiladi. Madaniy-gumanitar almashinuv va turizmni rivojlantirish ham kun tartibidagi asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.
Bolgariya Prezidenti Rumen Radev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.
Avvalroq Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitso O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida yozgan edik.