BYD g‘ayrioddiy dizayndagi elektromobilini taqdim etdi

8-iyun 2025 12:39 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
BYD g‘ayrioddiy dizayndagi elektromobilini taqdim etdi / Foto: CarNewsChina

BYD Fang Cheng Bao Tai 3 modelini taqdim etdi. Bu haqda CarnewsChina nashri xabar bermoqda.

Fang Cheng Bao brendi ostida ishlab chiqarilgan Tai 3 – yosh avlodga mo‘ljallangan ixcham va g‘ayrioddiy dizayndagi urban SUV hisoblanadi.

Model narxi 133 800 yuandan (taxminan $18,6 ming) boshlanib, 193 800 yuangacha ($27 mingga) yetadi. Besh xil komplektatsiyada, orqa va to‘liq g‘ildirakdan tortuvchi versiyalarda taqdim etiladi.

Foto: CarNewsChina

Tai 3 o‘lchamlari: uzunligi 4605 mm, kengligi 1900 mm, balandligi esa dron moduli bilan 1930 mm gachani tashkil qiladi. Ushbu o‘lchamlar modelni yo‘ltanlamas va oilaviy krossoverlar orasidagi pozitsiyada joylashtiradi.

Tashqi ko‘rinishida keskin chiziqlar, to‘g‘ri burchakli shakllar va keng g‘ildirak arkalari diqqatni tortadi. Old tomonda yuqori burun, ingichka LED faralar va tik panjara joylashgan. Orqa tomonda esa vertikal chiroqlar va tekis yukxona eshigi mavjud.

Foto: CarNewsChina

Alohida versiyalarda tomda dron moduli integratsiyalangan bo‘lib, bu Tai 3’ga o‘ziga xos ko‘rinish beradi. Bundan tashqari, yuqori yurish balandligi, tom relslari va keng himoya qoplamalari bilan model asfalt yo‘llar bilan cheklanmasligini ko‘rsatadi.

Salon dizayni ham soddalik va funksionallikka urg‘u beradi. Markaziy konsolda 15,6 dyuymli sensorli ekran (pastki komplektlarda 12,8 dyuym), BYD’ning DiLink 100 tizimi, ovozli buyruqlar, OTA yangilanishlar va navigatsiya mavjud.

BYD Fang Cheng Bao Tai 3 / Foto: CarNewsChina

Tashqi va ichki dizayni, texnologik qulayliklari bilan Fang Cheng Bao Tai 3 elektromobil bozorda o‘ziga xos o‘rin egallab bormoqda. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu modelning yetkazib berish hajmi 10 000 donaga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD moliyaviy barqarorligini Evergrande bilan solishtirishlarni rad etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek