
O‘zbekiston 2028-yilgacha o‘zining ilmiy-texnikaviy sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «O‘zbekkosmos» agentligi direktor o‘rinbosari Muxiddin Ibragimov «Kazinform» agentligiga ma’lum qildi. Kosmik loyiha doirasida O‘zbekiston Ilon Maskka tegishli bo‘lgan Amerika kompaniyasi SpaceX bilan muzokaralar olib bormoqda.
Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, boshqa davlatlar tomonidan allaqachon band qilingan vaqt oynalari va uchirishlar soni cheklanganini inobatga olish zarur. Uning ta’kidlashicha, sun’iy yo‘ldoshlarni orbitaga chiqarish muddati odatda 2-3 yil oldin belgilanadi.
«Sun’iy yo‘ldoshlarni koinotga uchirish muddatlari ikki-uch yil oldin tasdiqlanadi. Shu bois shartnomalarni o‘z vaqtida tuzish va texnik shartlarni tayyorlash muhim», – dedi u.
Shu loyihaga tayyorgarlik doirasida 2024-yilda O‘zbekistondan yetti nafar talaba Yaponiyaning Kyushu texnologiya institutiga magistratura bosqichiga o‘qishga yuborilgan.
«Ularning vazifasi sun’iy yo‘ldosh loyihasini ishlab chiqish, uni yig’ish va uchirishga tayyorlashdan iborat. Agar o‘quv joriy yilda boshlansa, u 2027 yilgacha yakunlanadi. Bu 2028 yilgacha uchirishni amalga oshirish imkonini beradi», – deya tushuntirgan Ibragimov.
Avvalroq ushbu loyiha Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik asosida amalga oshirilishi mumkinligi bildirilgan edi. 2023-yilda O‘zbekiston xalqaro kosmik tadqiqot shartnomasiga qo‘shilgan, 2022-yilda esa Qozog‘iston bilan hukumatlararo kelishuv imzolagan.
Avvalroq SpaceX endilikda parashyut ham ishlab chiqayotgani haqida yozgan edik.