
O‘zbekistonlik sambochi A’zam Rashidov Yerevanda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida milliy terma jamoamizga ilk oltinini olib keldi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.
Sportchi Rossiya, Gruziya va Turkmanistondan kelgan raqiblarini mag‘lub etdi. Finalda u qozog‘istonlik Jondas Beysenbayevga qarshi gilamga chiqib, 64 kilogramm vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Birinchi kun terma jamoaning 4 nafar vakili sovrinlar uchun kurash olib bordi. Ilhom Parmonov bronzadan bir qadam qolganda to‘xtadi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan jang natijalariga ko‘ra, u gruziyalik sportchiga minimal farq bilan imkoniyatni boy berdi.
Musobaqaning ikkinchi kunida 71 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida o‘zbekistonlik Ro‘zmatboy Rahimberganov g‘oliblik uchun bahs olib boradi.
Avvalroq O‘zbekiston velosportchilari Osiyo chempionatida to‘rtta medalni qo‘lga kiritgani haqida yozgan edik.