Gadjetlar

Xiaomi 9 000 mA/soatli akkumulyatorga ega arzon Redmi Pad 2 planshetini taqdim etdi

MicroSD kartasi orqali xotirani 2 TBgacha kengaytirish mumkin
Xiaomi 9 000 mA/soatli akkumulyatorga ega arzon Redmi Pad 2 planshetini taqdim etdi / Foto: Xiaomi

Xiaomi 9 000 mA/soatli akkumulyatorga ega byudjetli Redmi Pad 2 planshetini taqdim etdi. Bu haqda GSMArena xabar bermoqda.

Redmi Pad 2 2022-yilda chiqqan avvalgi modelning vorisi bo‘lib, yangilangan ekran va kattalashtirilgan batareya sig‘imi bilan ajralib turadi.

Foto: Xiaomi

Yangi taqdim etilgan planshet 11 dyuymli LCD-ekranga ega. Uning o‘lchami 2560×1600 piksel, yangilanish tezligi 90 Gts va maksimal yorqinligi 600 nitni tashkil etadi. U stylus bilan ishlashni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Planshet Helio G100 Ultra protsessori asosida ishlaydi. U avvalgi Helio G99 chipining biroz takomillashtirilgan versiyasi hisoblanadi. Planshet 4 yoki 8 Gb tezkor xotira, 128 yoki 256 Gb ichki xotira bilan taqdim etilmoqda. MicroSD kartasi orqali xotirani 2 TBgacha kengaytirish mumkin.

Foto: Xiaomi

Asosiy kamera 8 megapikselli, old kamera esa 5 megapikselli. 9 000 mA⋅soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan bo‘lib, bu avvalgi modeldan 1 000 mA⋅soatga ko‘p. Qurilma 18 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Taqdim etilgan qurilma Android 15 bazasidagi HyperOS 2 operatsion tizimi bilan ishlaydi. Unda Dolby Atmos tizimli to‘rt dinamika va 3,5 mm naushnik ulagichi ham mavjud.

Foto: Xiaomi

4/128 Gb versiyasi $190 ga , 8/256 Gb versiyasi esa $234 ga baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi Pad 7 Ultra: kompaniyaning eng kuchli plansheti taqdim etilgani haqida yozgan edi.