Yangiliklar

«Badavlat ayol» loyihasi haqida 50 ga yaqin shikoyatlar kelib tushdi – Raqobat qo‘mitasi

Loyiha tashkilotchilari – Helpdesk MCHJ, «Shaffof moliya» va «Uzum nasiya» bilan muzokaralar olib borilmoqda
«Badavlat ayol» loyihasi haqida 50 ga yaqin shikoyatlar kelib tushdi. Foto: twindesigner / depositphotos.com

Raqobat qo‘mitasi fuqarolardan kelgan 50 ga yaqin murojaatlarga asosan «Badavlat ayol» loyihasi faoliyatini o‘rgandi.

O‘rganish jarayonida loyiha ayol-qizlarga tadbirkorlik, shaxsiy rivojlanish va boshqa yo‘nalishlarda ta’lim berishga qaratilgani aniqlangan. Shuningdek, to‘lovlar «Uzum nasiya» orqali muddatli shaklda amalga oshirilishi mumkinligi qayd etilgan.

Biroq shikoyatlar asosida quyidagi muammolar aniqlangan:

  • Darslar o‘z vaqtida o‘tkazilmasligi yoki malakasiz ustozlar tomonidan o‘tilishi;
  • Ta’lim sifati pastligi, va’da qilingan natijalar olinmasligi;
  • E’tiroz bildirgan ishtirokchilarga qo‘pol munosabat va platformadan bloklash holatlari;
  • Darslar to‘xtatilgan bo‘lsa-da, avtomatik to‘lovlar davom etishi;
  • Shartnomani bekor qilishdagi qiyinchiliklar, ayniqsa, chekka hududdagi fuqarolar uchun;
  • A’zo bo‘lish oson bo‘lsa-da, chiqish deyarli imkonsiz ekani.

Shu munosabat bilan qo‘mita tomonidan loyiha tashkilotchilari – Helpdesk MCHJ, moliyaviy hamkori – «Shaffof moliya» va «Uzum nasiya» bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Qo‘mita shunga o‘xshash loyihalarda qatnashishdan oldin quyidagilarga e’tibor berishga chaqirdi:

  • Shartnoma shartlarini to‘liq o‘qib chiqish;
  • Moddiy va vaqt imkoniyatlarni real baholash;
  • Shaxsiy, ayniqsa, bank ma’lumotlarni begona shaxslarga bermaslik;
  • Platformaning ishonchliligi va qonuniyligiga to‘liq ishonch hosil qilish.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan fuqarolarning murojaatlari asosida millionlab so‘mlar qaytarilgani haqida yozgandi.