Avto

Besh yildan keyin ham narxi tushmaydigan kuchli avtomobillar e’lon qilindi

Narxini saqlab qoluvchi eng yaxshi 10 ta avtomobil
O‘z narxini yo‘qotmaydigan kuchli avtomobillar / Kollaj: Kursiv.media, Axtam Ziperov

AQShdagi Kelley Blue Book (KBB) agentligi tadqiqotiga ko‘ra, faqat ayrim modellar besh yil o‘tgach ham dastlabki narxiga yaqin darajada qoladi. 2025-yilgi tadqiqotda narxini saqlab qoluvchi eng yaxshi 10 ta avtomobil ro‘yxati e’lon qilindi. Tahlilga ko‘ra, bu avtomobillar nafaqat qulaylik yaratadi, balki vaqt o‘tishi bilan moliyaviy jihatdan ham oqilona tanlovga aylanadi.

O‘rtacha hisobda avtomobil besh yil ichida o‘z dastlabki qiymatining 50 – 60 foizini yo‘qotadi. Ammo Kelley Blue Book ro‘yxatiga kirgan avtomobillar atigi 36 – 46 foizgacha arzonlashadi.

Masalan, $40 minglik avtomobil besh yildan keyin $25 ming atrofida sotilishi mumkin – agar u shu ro‘yxatdagi model bo‘lsa. Boshqa avtomobil esa shuncha vaqtda atigi $16 mingga tushadi. Bu esa $9 mingga yaqin farq demakdir, ya’ni aniq moliyaviy yo‘qotish yoki tejash.

Besh yildan keyin ham o‘z narxini yo‘qotmaydigan TOP – 10 avtomobil:

  1. Toyota Tacoma – AQShda eng qadrlanadigan pikaplardan. Ushbu model besh yildan keyin ham o‘z narxining 64,1 foizini saqlab qoladi.
  2. Chevrolet Corvette – mashhur sportkar – kuchli va sarmoya sifatida ham foydali. Narxining 61 foizi saqlanadi.
  3. Toyota Tundra – besh yildan keyin narxining 60,9 foizi atrofida bo‘ladi. Mustahkam, ishonchli va uzoq xizmat qiladi.
  4. Toyota 4Runner – ramali konstruksiyaga ega yo‘ltanlamas. Narxining 60 foizini saqlab qoladi.
  5. Ford Bronco – so‘nggi yillarda yangilangan va mashhurlikka erishgan model. Narxining 57 foizini saqlaydi.
  6. Mercedes-Benz G-Class – premium toifadagi yo‘ltanlamas. Odamlar orasida «Gelik» nomi bilan mashhur. Dastlabki narxi yuqori bo‘lishiga qaramay, besh yildan keyin 56,6 foizini saqlaydi.
  7. Honda CR-V –qulay va tejamkor krossover. Narxining 54,4 foizi saqlanadi.
  8. Toyota RAV4 – dunyo bo‘yicha eng mashhur krossoverlardan biri. Besh yildan keyin taxminan 53,9 foiz qiymatga ega bo‘ladi.
  9. Porsche 911 – klassik sportkar. Vaqt o‘tishi bilan qiymati kamaymaydi – 53,8 foizini saqlaydi.
  10. Toyota GR Supra – Toyota va BMW hamkorligida yaratilgan sportkupe. Besh yildan so‘ng narxining 53,7 foizi saqlanadi.

Bu avtomobillar nima uchun qadrli

  • Brend obro‘si: Toyota, Honda va Porsche – ishonchlilik, uzoq muddat xizmat qilish va bozorda doimiy talab bilan tanilgan markalar. Shuning uchun bu avtomobillar ikkilamchi bozorda ham yuqori baholanadi.
  • Cheklangan ishlab chiqarish: Chevrolet Corvette, Mercedes G-Class va Porsche 911 – eksklyuziv modellar. Bu omil ularning narxining tushishiga yo‘l qo‘ymaydi.
  • Past xizmat xarajatlari: Honda CR-V, Toyota RAV4 va Tacoma – texnik xizmat ko‘rsatish jihatidan tejamkor. Bu ham ularning bozor qiymatini ushlab turishga yordam beradi.
  • Ford Bronco va Supra kabi avtomobillar faqat texnik ko‘rsatkichlari bilan emas, balki o‘ziga xos dizayni bilan ham jozibador.

Toifalar bo‘yicha eng yaxshi modellar:

  • O‘rta pikapi – Toyota Tacoma
  • To‘liq o‘lchamli pikapi – Toyota Tundra
  • Kichik krossover – Honda CR-V
  • Yo‘ltanlamas – Toyota 4Runner
  • Premium yo‘ltanlamas – Mercedes-Benz G-Class
  • Sportkar – Chevrolet Corvette
  • Umumiy eng yaxshi brend – Toyota (10 toifadan 5 tasida g‘olib)

Avtomobil tanlayotganda faqat tashqi ko‘rinishi yoki brend emas, balki moliyaviy qiymatga ham e’tibor berish muhim. Toyota, Honda, Ford va Porsche – nafaqat sifatli, balki iqtisodiy jihatdan ham foydali tanlov.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toyota yangi bZ5 elektromobilini taqdim etishi haqida yozgandi.