Yangiliklar

Buxoroda tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan tadbirkorlar aniqlandi

Deyarli yarim milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan
Buxoroda tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan tadbirkorlar aniqlandi / Foto: Hududgaz.uz

Buxoroda bir qator tadbirkorlar tarafidan deyarli yarim milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda «Hududgazta’minot» AJ xabar berdi.

Xususan, G‘ijduvon tumanining Sharq mahallasida joylashgan yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli novvoyxonada hisoblagichdan chetlab o‘tilgan yashirin gaz tarmog‘i orqali tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati qayd etildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, davlatga jami 52,3 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Shuningdek, tumanning Pamo‘za mahallasida yashovchi fuqaro ham xuddi shunday qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan bo‘lib, uning holatida 51 mln so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingan.

Buxoro shahrining «Sadriddin Ayniy» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan «D.S.T.S.» MCHJga qarashli korxonada esa elektron gaz hisoblash uskunasining maksimal quvvatidan ortiqcha gaz sarflangan. Holat yuzasidan 398,7 mln so‘mlik zarar qayd etildi.

Mazkur holatlar bo‘yicha barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘onada 7,6 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalangan kulolchilik sexi aniqlangani haqida yozgandi.