
Meta Platforms Inc. mashinaviy o‘rganish (machine learning) sohasida faoliyat yurituvchi Scale AI startapiga $10 mlrddan ortiq miqdorda sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.
Agar kelishuv amalga oshsa, bu Meta tarixidagi eng yirik sun’iy intellekt sohasidagi tashqi investitsiyalardan biri bo‘ladi. Shu kungacha kompaniya asosan ichki resurslarga tayanib, o‘ziga xos sun’iy intellekt modellarini ishlab chiqishga ustuvor ahamiyat bergan edi.
Hozirda Meta va Scale AI hamkorligida AQSh harbiy ehtiyojlariga mo‘ljallangan Defense Llama nomli sun’iy intellekt modelining harbiy versiyasi ishlab chiqilmoqda. Bu loyiha Meta tomonidan ishlab chiqilgan Llama modelining maxsus modifikatsiyasi bo‘lib, AQSh armiyasining ehtiyojlariga moslashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Scale AI kompaniyasi 2016-yilda tadbirkor Aleksandr Van tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, sun’iy intellekt tizimlarini o‘qitish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar to‘plamini belgilash (data labeling) xizmatlarini ko‘rsatadi. 2023-yilda startap qiymati $14 mlrdga baholangan, kompaniyaning yillik daromadi esa $870 mlnni tashkil etgan. 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich $2 mlrdga yetishi prognoz qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta yangi AI sun’iy intellekt ilovasini ishga tushirgan edi.