
O‘zbekiston – Slovakiya o‘rtasida IT-startaplar sohasida hamkorlik qilish va qo‘shma venchur fond tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ko‘ksaroy qarorgohida prezident Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, O‘zbekiston tomonidan to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, kimyo, elektr texnikasi, polimer mahsulotlari, Slovakiya tomonidan esa avtomobil qismlari, farmatsevtika, kauchuk mahsulotlari yetkazib berilishi rejalashtirilmoqda.
Texnik tartibga solish va metrologiya sohalarida imzolanadigan kelishuvlar doirasida texnik to‘siqlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, kvant etalon laboratoriyasini ishga tushirish ham ko‘rib chiqildi.




Slovakiya kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha keng qamrovli dastur ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda. Agrosanoat, avtomobil qismlari, farmatsevtika, «yashil» energetika va turizm yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, IT-startaplar sohasida hamkorlik qilish va qo‘shma venchur fond tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Moliyaviy vositalardan keng foydalanish taklif etildi.

Ta’lim va ilmiy sohalarda hamkorlikni kuchaytirishdan tomonlar manfaatdor ekani tasdiqlandi. Xususan, Bratislavadagi Komenius universiteti bilan qo‘shma ilmiy dasturlar boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Madaniyat sohasida esa ko‘rgazmalar, kino namoyishlari, konsertlar va muzey loyihalari bo‘yicha hamkorlik dasturi qabul qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Slovakiya bosh vazirini kutib olgani haqida yozgandi.