O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari may oyida $410,2 mlnga ko‘paydi

2025-yil may oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $49,2 mlrddan $49,6 mlrdga (+410,2 mln) oshdi. Bu haqda Markaziy bank statistikasida ma’lum qilindi.
Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlar (erkin konvertatsiya qilinuvchi xorijiy valyutalarda) $11,0 mlrddan $11,4 mlrdga oshgan. Qimmatli qog‘ozlar hajmi ham $703,9 mlndan 706,3 mln dollarga ko‘tarilgan.
Oltin zaxirasi esa o‘tgan oyda $37,652 mlrddan $37,654 mlrdga oshgan. Ammo qimmatbaho metallning fizik hajmi 11,5 mln troya unsiyadan 11,4 mln troya unsiyagacha kamaydi. Oltinning fizik hajmi kamayganiga qaramay, uning dollardagi qiymati 2 million dollarga ko‘tarilgan, chunki jahon bozorida oltin narxi oshdi.
Jahon oltin kengashiga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki ketma-ket uch oy davomida qimmatbaho metallning eng yirik sotuvchisi bo‘lib qolmoqda. Joriy yilning to‘rt oyi davomida bank jami 26 tonna oltin sotgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bir oyda 2,9 foizga oshgani haqida yozgandi.