Yangiliklar

Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chigirtkalarga qarshi birga kurashadi

Shu yo‘nalishda yangi platforma ishga tushiriladi
Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chigirtkalarga qarshi birga kurashadi / Foto: Shutterstock

Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chigirtkalarga qarshi kurashish bo‘yicha kuchlarni birlashtirib, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda Kazinform nashri ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Ostona shahrida o‘tkazilgan Yevropa va O‘rta yer dengizi o‘simliklarni himoya qilish tashkiloti (EPPO) ishchi guruhi yig‘ilishi doirasida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fitosanitariya xizmatlari rahbarlari uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda asosiy mavzu – chigirtkalarga qarshi himoya choralarini kuchaytirish bo‘ldi. Tomonlar mavjud tajriba bilan o‘rtoqlashib, Locust.uz tizimi taqdimoti o‘tkazildi. Bu platforma zararli hasharotlar tuxum qo‘ygan joylar va kimyoviy ishlov berilgan hududlar haqidagi ma’lumotlarni yig‘adi hamda GPS qurilmalari orqali texnikaning harakatini kuzatadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar chegaradosh hududlarda tezkor axborot almashinuvi, xalqaro fitosanitariya standartlarini joriy etish va axborot tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha kelishib oldi.

Ma’lumot uchun, hozirda Qozog‘istonda 2 mln gektargacha maydon chigirtka xavfi ostida qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekiston suvdan foydalanish bo‘yicha hujjat imzolagan edi.