
Gruziyadagi TBC Bank Group kompaniyasi O‘zbekistondagi TBC Uzbekistan raqamli bank ekotizimining o‘sishini tezlashtirish maqsadida $200 million miqdoridagi obligatsiyalarni joylashtirishni e’lon qildi. Bu haqda kompaniya «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.
Uch yillik sintetik obligatsiyalar o‘zbek so‘mida taqdim etilib, hisob-kitoblar AQSh dollarida amalga oshiriladi. Kupon stavkasi – so‘mda 22 foiz.
«Biz O‘zbekistonda biznesimizning jadal o‘sayotganini ko‘rib, obligatsiyalar chiqarilishi orqali investitsiyalarni jalb etayotganimizdan mamnunmiz. Investorlarning ishonchi va bozordagi salohiyat Guruhning ommaviy maqomidan samarali foydalanish imkonini beradi. Ishonchim komilki, TBC Uzbekistan daromadli o‘sishni davom ettiradi va Guruh natijalariga sezilarli hissa qo‘shadi», – deydi TBC Bank Group bosh direktori Vaxtang Butskhrikidze.
Emissiya bir nechta transhlarda amalga oshiriladi: birinchi bosqichda $140 millionlik, qolganlari esa 12 – 18 oy davomida $60 million hajmida chiqariladi. Obligatsiyalar Avstriyaning Vienna MTF platformasida joylashtiriladi.
«2025-yilning birinchi choragida ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 19,7 millionga yetdi. Yuqori rentabellik bizga yangi mahsulotlarni joriy qilish, kichik va o‘rta bizneslar uchun eng yaxshi yechimlarni taqdim etish hamda bozordagi yetakchiligimizni mustahkamlash imkonini bermoqda», – deya qo‘shimcha qildi TBC Bank Group xalqaro biznes boshlig‘i Oliver Xyuz.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan TBC Bank sun’iy intellektga asoslangan bank xizmatlarini yo‘lga qo‘ygani haqida yozgandi.