
Work and Travel dasturi doirasida Germaniyaga yetib kelgan Qoraqalpoq davlat universitetining 14 nafar talabasi tashkiliy nosozliklar sababli rejalashtirilgan manzilga bora olmay, yashash joyisiz qoldi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Talabalar Frankfurt-Mayn shahrida faoliyat yuritayotgan vatandoshlar hamda O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida xavfsiz joyga yetkazilib, issiq ovqat bilan ta’minlangan.
Vaziyatni yumshatish maqsadida O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda har bir talaba uchun kundalik xarajatlarni qoplashga mo‘ljallangan mablag‘ ajratildi. Shuningdek, mehmonxonada vaqtinchalik yashash uchun zarur xarajatlar ham qoplandi.
Talabalarni ish bilan ta’minlash jarayonida ishtirok etgan Germaniyaning «Nova Agency» kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilib, mavjud muammolar muhokama qilindi.
Hozirda Bosh konsulxona diplomatlari talabalarni shartnomada ko‘rsatilgan ish joylariga yuborish va ularning mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Work and travel qatnashuvchilariga 15 mln so‘m miqdorida foizsiz ssuda ajratilishi haqida yozgandi.