2026-yilda «Yashil» energetikaga $4 mlrd investitsiya jalb qilinadi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
IT sohasi rivojiga esa $1 mlrddan ortiq
Prezident investitsiyaviy sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi / Foto: President.uz

10-iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan IV Xalqaro investitsiya forumida Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, O‘zbekistonning xorijiy investorlar bilan hamkorligidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Forumda 100 dan ortiq mamlakatlardan 7,5 mingdan ziyod ishtirokchi, jumladan, ko‘plab davlat rahbarlari va xalqaro moliyaviy institutlar vakillari qatnashdi. Davlat rahbari global geosiyosiy va iqtisodiy muammolarni tilga olib, investitsiyalar faqat iqtisodiy taraqqiyot emas, balki tinchlik va barqarorlikning asosiy omili ekanini ta’kidladi.

Foto: President.uz

Prezident forumda «yashil» energetika, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, moliyaviy texnologiyalar, shuningdek, texnologik minerallarni chuqur qayta ishlash kabi sohalarni strategik hamkorlik yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatdi. Jumladan, kelgusi yillarda «yashil» energetikaga $4 mlrd, IT sohasi rivojiga esa $1 mlrddan ortiq investitsiyalar jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, xorijiy investorlar uchun yanada qulay muhit yaratish, davlat korxonalarini xususiylashtirish, xalqaro IPOga chiqish, aeroportlarni modernizatsiya qilish va «Yangi Toshkent» loyihasi orqali multimodal transport xabini barpo etish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

Foto: President.uz

Prezident investitsiyalarni faqat moliyaviy manba emas, balki ilg‘or texnologiyalar, bilimlar va xalqaro integratsiyaning kaliti sifatida baholashini bildirar ekan, O‘zbekiston xorijiy sarmoyadorlarga barcha zarur kafolat va sharoitlarni taqdim etishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, forum 12-iyunga qadar davom etadi. Ertaga esa prezident ishtirokida Xorijiy investorlar kengashining yalpi majlisi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston yerosti boyliklari 3 trillion dollarga baholangani haqida yozgan edik.

Shuningdek