
Sofiya shahrida O‘zbekiston Migratsiya agentligining vakolatxonasini ochish masalasi ko‘rib chiqiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya prezidenti Rumen Radev ishtirokida rasmiy delegatsiyalar muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Shuningdek, poytaxtlarda savdo uylarini ochish, laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazish va imtiyozli kredit liniyalarini ajratish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
Mehnat resurslari sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Sofiya shahrida O‘zbekiston Migratsiya agentligining vakolatxonasini ochish masalasini ko‘rib chiqadigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, kelgusi yilda O‘zbekiston va Bolgariya madaniyati hamda kinosi haftaligini o‘tkazishga kelishildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Bolgariya rahbari Rumen Radev O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida yozgandi.