
Misr hukumati tomonidan O‘zbekistonga insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan «S» gepatitiga qarshi dori vositalarining navbatdagi partiyasi Toshkentga yetkazildi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.
Joriy yilda bu ikkinchi partiya bo‘lib, $114,8 ming qiymatidagi 7440 dona «Sofosbuvir-400mg» dori vositasi 7-iyun kuni Sharm ash-Shayxdan olib kelindi.
Dori vositalari Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti orqali bemorlarga yetkaziladi. So‘nggi ikki yilda Misr O‘zbekistonga umumiy qiymati $1,4 mln bo‘lgan 12,4 tonna dori vositasini beg‘araz yordam tariqasida taqdim etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimining yangi modeli joriy etilishi haqida xabar bergan edik.