O‘zbek milliy kurashi Malayziyada ommalashtiriladi

Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya Kurash assotsiatsiyasi prezidenti Chev Eng Kian bilan hamkorlik uchrashuvi oʻtkazdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Suhbat davomida ikki davlat kurash assotsiatsiyalari oʻrtasidagi hamkorlik holati va kelajakdagi rejalar muhokama qilindi.

Elchi Gadoyev Oʻzbekistonda kurash sporti rivojiga oid islohotlar, xususan, prezident qarori bilan bu sport turini yangi bosqichga olib chiqish choralari haqida ma’lumot berdi. Tomonlar Malayziyada kurashni yoshlar orasida keng targʻib qilish masalasida ham fikr almashdi.
Chev Eng Kian Oʻzbekistonda kurash jadal rivojlanayotganini e’tirof etdi va ikki mamlakat kurash tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi. U, shuningdek, Malayziya terma jamoasi Indoneziyada boʻlib oʻtadigan Janubi-Sharqiy Osiyo chempionatida ishtirok etishini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida kurash sportini targʻib qilish boʻyicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 10 ming nafar o‘zbek mutaxassislari Yaponiyaga yuborilishi haqida yozgan edik.