O‘zbekiston Moskvadagi yotoqxonada yuz bergan vaziyatni nazoratga oldi

Rossiyada sodir bo‘lgan migratsiya reydlari yuzasidan O‘zbekistonning Rossiyadagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligining vakolatxonalari vaziyatni nazoratga oldi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Reyd Moskvaning Sokolniki tumanidagi yotoqxonada bo‘lib o‘tgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari migratsiya hujjatlarini tekshirish bahonasida muhojirlarni ko‘chaga chiqarib, kuch ishlatgan va haqoratli so‘zlar bilan tahqirlashgan.
Migratsiya agentligi ushbu hodisa yuzasidan Rossiya tomonidan rasmiy ma’lumot taqdim etilishini kutmoqda. Idora ayrim huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bu kabi harakatlarini afsuslanarli va taassufli deb baholadi.
Reyd davomida olti nafar chet ellik fuqaro qo‘lga olingan. Ularning ikki nafari Tojikiston fuqarolari bo‘lgan. Migratsiya agentligi reyd vaqtida jabrlangan o‘zbekistonliklarni Rossiyadagi o‘z vakolatxonalariga murojaat qilishga chaqirdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Rossiya elchisi O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlagani haqida xabar bergan edi.