O‘zbekiston yerosti boyliklari 3 trillion dollarga baholandi

Shavkat Mirziyoyev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zlab, mamlakatning mineral resurslari salohiyatini $3 trillionga baholangani ma’lum qildi.
Davlat rahbari xalqaro investorlarni O‘zbekistondagi mineral resurslar sohasiga sarmoya kiritishga da’vat etdi. Prezidentning ta’kidlashicha, to‘rtinchi sanoat inqilobi texnologik minerallarga bo‘lgan talabni sezilarli darajada oshirmoqda.
«O‘zbekistonda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vannadiy, titan va boshqa qimmatli minerallarning yirik zaxiralari aniqlangan. Umumiy hisobda, yerosti boyliklarimizning iqtisodiy salohiyati $3 trillionga teng», deb ta’kidladi prezident.
Shavkat Mirziyoyev mintaqada minerallardan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun barcha zarur imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi. Bu maqsadda Toshkent va Samarqand viloyatlarida «kelajak metallari» texnoparklari qurilayotgani aytildi.
Investorlar uchun maxsus imtiyoz
Forum ishtirokchilariga yo‘naltirilgan maxsus tashabbusni e’lon qilgan prezident, mineral resurslar sohasida geologiya-qidiruv ishlaridan boshlab to tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni yo‘lga qo‘ygan investorlarga 10 yil davomida renta solig‘ining qaytarib berilishini ma’lum qildi.
«Sizlar bilan uzoq muddatli samarali hamkorligimiz barcha yo’nalishlarda o’zaro manfaatli biznes sheriklikka aylanishiga ishonchim komil», deb xulosa qildi davlat rahbari.
Avvalroq davlat rahbari Ukrainada bo‘lib o‘tayotgan vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal etish zarurligini alohida ta’kidlab o‘tgan edi.