Rossiya elchisi O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunladi

Oleg Malginov O‘zbekistondagi Rossiya elchixonasiga to‘rt yil rahbarlik qildi. U 2021-yildan 2025-yil iyungacha elchi lavozimida ishlagan. Ushbu ma’lumotni «Rossotrudnichestvo» agentligi Kursiv Uzbekistan nashriga tasdiqladi.
«Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar bugungi kunda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yorqin namunasi bo‘lib, xalqaro huquq tamoyillari, suverenitetga hurmat, qarorlarni mustaqil qabul qilish va bir-birining manfaatlarini hisobga olishga asoslangan», – dedi Malginov Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Rossiya kuni» bayramida.
U, shuningdek, tomonlar BMT, ShHT, MDH va YEOII kabi xalqaro tuzilmalar doirasida faol hamkorlik olib borayotganini ta’kidladi.
Malginov 2021-yil bahorida O‘zbekistondagi Rossiya elchixonasi rahbari etib tayinlangan. Bu lavozimda oldin 2009-yildan 2021-yil martigacha Vladimir Tyurdenev ishlagan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonning Iordaniyadagi yangi elchisi tayinlangani haqida yozgandi.