Rossiyada tug‘ilishni oshirish uchun tunda internetni o‘chirish taklif qilindi

eʼlon qilindi
Soat 23:00 dan 02:00 gacha
Rossiyada tunda internetni o‘chirish taklif qilindi / Foto: Freepik

Bryansk viloyati dumasining deputati Mixail Ivanov yosh oilalar orasida farzandli bo‘lish istagi pasayib borayotgani sababli tunda internetdan foydalanishni vaqtincha cheklashni taklif qildi. Bu haqda «Abzats» nashri xabar berdi.

Uning fikricha, er-xotinlar ko‘proq vaqtlarini gadjetlar, ijtimoiy tarmoqlar va ko‘ngilochar kontentga sarflab, haqiqiy muloqot va oilaviy hayotga e’tibor qaratmayapti. Shuning uchun u tunda, ya’ni soat 23:00 dan 02:00 gacha internetdan foydalanishni vaqtincha cheklash taklifini ilgari surdi.

Deputat bu tashabbusni to‘liq taqiq emas, balki «raqamli tiyilish» sifatida ta’rifladi. U internetga qaramlikni yangi turdagi ijtimoiy muammo deb atadi va bu holatni mamlakatning demografik xavfsizligiga tahdid deb hisoblashini bildirdi.

«Yoshlar tunlari bir-biri bilan muloqot qilish, munosabatlarni mustahkamlash yoki farzandli bo‘lish haqida o‘ylash o‘rniga, soatlab telefonlarida ijtimoiy tarmoqlarni varaqlab, serial ko‘rib yoki o‘yin o‘ynab vaqt o‘tkazmoqda. Bu esa jamiyatning sog‘lom rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi», — deydi Ivanov.

U shuningdek, hukumat vakillari ham yoshlar orasida internetga qaramlikni jiddiy muammo sifatida tan olayotganini eslatdi. Masalan, davlat dumasining vitse-spikeri Olga Epifanova ijtimoiy tarmoqlar ortidan kuchaygan individualizm an’anaviy oilaviy qadriyatlarga zarar yetkazayotganini ta’kidlagan.

Ivanov ushbu taklif senzura yoki shaxsiy erkinlikka cheklov sifatida emas, balki jamiyat foydasini ko‘zlagan profilaktik choralar sifatida baholanishi kerakligini qayd etdi. U fikricha, davlat oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlovchi muhit yaratishi shart.

«Agar kimdir farzand ko‘rishni istamasa, bu uning shaxsiy tanlovi. Ammo davlatning vazifasi – sog‘lom oilaviy muhit va ongli ota-onalikni rag‘batlantiradigan sharoitlar yaratish», — deya xulosa qildi deputat.

Avvalroq «Kursiv» nashri Rossiya elchisi O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlagani haqida yozgandi.

Shuningdek