Toshkentdagi Xalqaro investitsion forumda 30 milliard dollardan ortiq loyihalar taqdim etilmoqda

9-iyun kuni poytaxtda IV Toshkent Xalqaro investitsion forumi (TXIF) boshlandi. Forum energetika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalardagi $30 milliarddan ortiq qiymatdagi loyihalarni taqdim qilmoqda. Tadbirda Kursiv Uzbekistan muxbiri ham ishtirok etyapti.
Forumda 100 dan ortiq davlatlardan 8 ming ishtirokchi qatnashib, shundan 3 ming nafarini xorijiy mehmonlar tashkil qiladi. Bolgariya prezidenti, Slovakiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon bosh vazirlari, Turkmaniston delegatsiyasi ham bor.
Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Yangi taraqqiyot banki rahbarlari qatnashmoqda.
Forumning asosiy voqeasi O‘zbekiston sanoat va investitsiya salohiyatini namoyish etuvchi birinchi Milliy ko‘rgazma bo‘ldi. Unda 90 ta kompaniya neft-kimyo, mashinasozlik, qurilish, oziq-ovqat sanoati va boshqa yo‘nalishlarda o‘z mahsulotlarini taqdim etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Innoprom ko‘rgazmasida nimalar taqdim etilgani haqida yozgandi.