Uchta vazirlik binosi sotilib Yangi Toshkentga ko‘chiriladi

Yaqin vaqt ichida uchta vazirlik Yangi Toshkentga ko‘chiriladi, deb xabar berdi Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov jurnalistlar uchun tashkil etilgan brifingda.
Mavjud binolar sotuvga chiqarilib, tushgan mablag‘ hisobidan yangi ma’muriy binolar quriladi. Energetika vazirligi esa allaqachon ko‘chib bo‘lgan.
Hidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, Yangi Toshkentga Qurilish, Ekologiya va Transport vazirligi ko‘chiriladi. U boshqa vazirliklar uchun vaqtinchalik binolar qurilayotgani haqida ham qo‘shimcha qildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Sainosir Usmonovning Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qilishicha, qayd etilgan uchta vazirlikning Yangi Toshkent shahridagi binolar qurilishi yakunlanganidan so‘ng ko‘chib o‘tishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, bu amaliyot yaqin kunlarda sodir bo‘ladi.
Shuningdek, xodimlar uchun maxsus transport yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi, bu yo‘nalishlarni Transport vazirligi ishlab chiqadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent viloyatida 40 ta mikro GES qurish uchun yer maydoni ajratilgani haqida xabar bergan edi.