15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash kerak – Makron

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron France 2 telekanali orqali bergan intervyusida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash zarurligini ta’kidladi. Bu haqda Ria Novosti ma’lum qildi.
U bu masalada Yevropa Ittifoqining umumiy qarorini kutishga bir necha oy muhlat berishini, biroq agar harakat bo‘lmasa, Fransiya mustaqil ravishda bunday taqiqni joriy etishini ma’lum qildi.
«Biz 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashimiz kerak. Bizga Yevropadan harakat qilish uchun bir necha oy muhlat beraman. Aks holda, biz buni Fransiyada boshlaymiz. Biz kuta olmaymiz», – dedi Makron.
Prezidentning bu bayonoti mamlakatda maktabda sodir bo‘lgan so‘nggi fojiali voqeadan so‘ng yangradi. Yaqinda Yuqori Marna departamentidagi maktabda o‘quvchilardan biri nazoratchiga pichoq bilan hujum qilgan, xodim og‘ir jarohatlardan vafot etgan edi. Makron bu holatni tahlil qilar ekan, yoshlar orasida tajovuzkorlik oshayotganini va bu tendensiyada ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’siri borligini ta’kidladi.
Aprel oyida Fransiyaning sobiq bosh vaziri, hozirgi ta’lim vaziri Gabriel Attal ham ijtimoiy tarmoqlarga qarshi qat’iy chora-tadbirlarni taklif qilgan edi. Uning fikricha, 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni to‘liq taqiqlash, 15 – 18 yoshdagilar uchun esa maxsus raqamli komendantlik soati o‘rnatish kerak. Unga ko‘ra, bu yoshdagilar kechki soat 22:00 dan ertalab 08:00 gacha ijtimoiy tarmoqlarga kira olmasligi kerak.
Attal shuningdek, yoshlarning ekran oldida o‘tkazayotgan vaqti ortib borayotgani – kuniga 3,5 dan 5 soatgacha – ularda internetga qaramlik kuchayayotganidan dalolat berishini aytgan va har bir o‘smirni 11 va 15 yoshida raqamli sog‘liq baholashidan o‘tkazishni taklif qilgan.
Makronning bayonoti Fransiyada bolalarni raqamli muhitdan himoya qilish borasidagi qat’iy siyosat davom etayotganini anglatadi. Bu tashabbus butun Yevropa bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga yoshga doir qat’iy cheklovlar joriy etilishi ehtimolini kuchaytiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Tanklar olami» o‘yini ishlab chiqaruvchisi ekstremistlar ro‘yxatiga kiritilishi haqida xabar bergan edi.